TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Yoz o‘tmoqda – soz!

Yurtimizda yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy, jismoniy yetuklik darajasida tarbiyalash, ularda Vatanga bo‘lgan sadoqat va muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, milliy anʼanalar hamda qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bolalarning yozgi taʼtillarini foydali mashg‘ulotlar, bilim va o‘rganishlar bilan band etish borasida Toshkent shahar IIBB HPB profilaktika inspektorlari va sohaviy xizmat xodimlari, masʼullar hamkorligida poytaxtimiz umumtaʼlim maskanlarida “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirlar doirasida Yunusobod tumani IIO FMB tashabbusi bilan maktablarda tashkil etilgan oromgohlardagi bolalarning tarixiy-maʼrifiy bilimlarini boyitish maqsadida poytaxtimizdagi “Amir Temur” muzeyiga tashrifi uyushtirildi. Yosh mehmonlar muzeydagi asori-atiqalar, o‘sha davr qadimiy yodgorliklari, tasviriy va hujjatli manbaalar orqali buyuk ajdodimizning rivojlangan va adolatli yagona davlat tuzish borasidagi jangu jadallari, davlat boshqaruvidagi amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tashrif bolalarda tariximizga katta qiziqish uyg‘otib, unutilmas taassurotlar qoldirdi.Ular tarixiy bilimlarini boyitish bilan birga o‘zligini anglash, Vatanga muhabbat tuyg‘usini yuraklariga jo etishdi. Bu kabi maʼrifiy tadbirlar yoshlarda milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlash, ularni maʼnaviy yetuk, ijtimoiy faol shaxslar bo‘lib voyaga yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etishi begumon. Yunusobod tumanidagi 9-o‘rta umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan "Orom“ yozgi bolalar oromgohida saksonga yaqin o‘quvchi bolalar yozni soz o‘tkazishmoqda. Mazkur maskanda bolalarning miriqib hordiq chiqarishlari, yozni mazmunli va foydali o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolalar masʼul pedagoglar, pedagog-psixiatrlar va mutasaddilarning eʼtibori hamda nazorati ostida turli savodxonlik, zukkolik borasidagi suhbat va darslar qatorida ko‘ngilochar o‘yinlar, sport tadbirlari, kompyuter savodxonligi va tillar to‘garaklariga jalb etilib, tajribali mutaxassislardan saboq olib kelishmoqda. Bu kabi tadbirlar poytaxt miqyosidagi maktablarda davom ettirilmoqda.

14 Iyun 2025 Yil

76

Interaktiv xizmatlar

Text to speech