10 May 2025 Yil 0

Tekin pishloq, yoki onlayn firibgarliklardan ehtiyot bo‘ling!

Global axborot maydonida kibermakon bilan bog‘liq yangidan-yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda. Virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotir. Dunyo bo‘ylab har yili 500 milliondan ortiq kiberhujumlar uyushtiriladi. Har soniyada 12 nafar insondan biri kibermakonda sodir etilgan hujumlar qurboniga aylanadi. Fransiya, Angliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Belgiya, Luksemburg kabi rivojlangan davlatlarda jinoyatlarning 60-65 foizi kiberhujumlar orqali sodir etilmoqda. O‘zbekistonda ham so‘nggi uch yilda kiberhujumlar tufayli jinoyatlar 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan. Xususan, noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartasidagi mablag‘larni o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari ko‘payib bormoqda. Respublikamizda virtual olamdagi qonun buzilishlarining aksariyati 16-23 yosh oralig‘idagi o‘smir-yoshlar tomonidan sodir etilayotgan ekan, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb. Internet va moliyaviy texnologiyalar rivojlanishi bilan firibgarlik sxemalari ham urchib bormoqda. Har bir sarmoyador xavfsiz investitsiya qilishni xohlaydi, lekin noto‘g‘ri qarorlar va firibgarlik sxemalari katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Keling, investitsiyada firibgarlikdan himoyalanish usullari, eng ko‘p uchraydigan qalloblik sxemalari va xavfsiz sarmoya qilish strategiyalarini batafsil ko‘rib chiqamiz. 

INVЕSTITSIYA FIRIBGARLIGI NIMA VA U QANDAY ISHLAYDI?

Investitsiya firibgarligi — bu odamlarni yolg‘on va’da bilan sarmoya kiritishga majburlab, ularning mablag‘larini o‘g‘irlash usulidir. Eng ko‘p uchraydigan investitsiya firibgarligi turlari quyidagilar:

  1. Ponzi sxemasi (“Ponzi Scheme”) Bunday firibgarlik tizimida yangi sarmoyadorlardan tushgan mablag‘lar avvalgi sarmoyadorlarga to‘lanadi. Haqiqiy investitsiya yo‘q, faqat pul aylantiriladi. Belgilari: “Kafolatlangan foyda”, “Hech qanday tavakkalchilik yo‘q”, “Cheklanmagan daromad” singari yolg‘on va’dalar beriladi
  2. Piramida sxemasi (“Pyramid Scheme”) Bunda yangi qo‘shilgan sarmoyadorlardan tushgan mablag‘lar yuqori darajadagi a’zolarga to‘lanadi. Bu sxema qoidasiga ko‘ra, har bir yangi ishtirokchi yangi odamlarni jalb qilishi kerak. Haqiqiy mahsulot yo‘q, faqat odam jalb qilish orqali daromad va’da qilinadi.
  3. Firibgar brokerlar va treyding platformalari Bu tizimda yolg‘on treyding platformalari va brokerlar investorlardan mablag‘ yig‘ib, ularni o‘g‘irlaydi. Litsenziya yo‘qligi, to‘lovlarni olishdagi uzluksiz muammolar, firibgarlik haqidagi sharhlar uning asosiy belgisidir.
  4. Feyk kriptovalyuta va “ICO” (“Initial Coin Off ering”) loyihalari Yolg‘on kriptovalyuta va “DeFi” loyihalari sarmoyadorlarni aldaydi. Bunda ham litsenziya yo‘qligi, hech qanday haqiqiy texnologiya yoki ishlab chiqarish mavjud emasligi firibgarlikning asosiy belgilari hisoblanadi.
  5. Fishing (“Phishing”) va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash Firibgarlar sarmoyadorlarning shaxsiy ma’lumotlari (bank kartalari, hisob parollari)ni turli yo‘llar bilan qo‘lga kiritib, mablag‘larini tortib oladi. Belgilari: yolg‘on veb-saytlar, elektron pochta orqali aldab o‘tkaziladigan xabardorlik.

FIRIBGARLIKDAN HIMOYALANISH UCHUN ASOSIY TAVSIYALAR

Avvalo, har qanday sarmoya imkoniyatini tahlil qiling:

— investitsiya loyihasini tekshiring: kompaniya, platforma yoki fond haqida ma’lumot oling;

— litsenziya va regulyatorni tekshiring: broker yoki investitsiya platformasining ruxsatnomasi bor-yo‘qligini biling;

— haqiqiy biznes modelini o‘rganing: agar kompaniya daromadning qayerdan kelishi haqida aniq javob berolmasa, ehtiyot bo‘ling, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang.

Investitsiya loyihasini quyidagi veb-saytlarorqali oldindan tekshirib olish ham sizni firibgarlar tuzog‘idan himoyalaydi: “SEC” (AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi)
* “FCA” (Buyuk Britaniya Moliyaviy nazorat organi)* Kapital bozori agentligi (O‘zbekiston) Ayni paytda internetda “Hech qanday tavakkalchilik yo‘q!”, “Kafolatlangan 50 foiz daromad har oy!”, “Bir oyda boy bo‘lish imkoniyati!” singari juda yuqori foyda va’da qiluvchi platformalar juda ko‘paygan.

Shuni bilingki, haqiqiy investitsiyada hechqanday yuz foiz kafolatlangan foyda yo‘q. Firibgarlarga aldanmaslik uchun doimo aksiya, obligatsiya, ETF va kriptovalyuta bozorini o‘rganib boring. Yurtdoshlarimiz ko‘p duch kelayotgan plastik kartadan mablag‘ o‘g‘irlanishi ya’ni plastikkarta firibgarligi — bu bank kartalari yordamida amalga oshiriladigan moliyaviy firibgarlikdir. Bu shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritish va ular orqalipullarni o‘zlashtirishni o‘z ichiga oladi. Firibgarlar, odatda, fuqaroning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank yoki to‘lov tizimi xodimi deb tanishtiradi. Bunday shaxslar mijozning mobil ilovasi buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni to‘qiydi hamda agar darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib uni aldashga urinadi. Shundan so‘ng, karta egasining telefoniga yuborilgan bir martalik SMS-kodni so‘rab, unga yordam berishni taklif etadi.

Firibgarlarga aldanmaslik uchun ularning quyidagi belgilariga ahamiyat bering: 

— firibgarlar sizga yashirin yoki begona raqamlardan qo‘ng‘iroq qiladi yoki SMS-xabar yuboradi;

— zudlik bilan qaror qilishga undaydi, “tezroq”, “hoziroq”, “keyin tushuntiraman” kabi so‘zlar bilan sarosimaga solishga urinadi;

— muayyan savollar berganingizda aniq javob berolmaydi yoki chalkashlik holati kuzatiladi;

— pasport ma’lumotlari, karta raqami bilan uning amal qilish muddatini, sizga jo‘natilgan tasdiqlovchi kodni yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni so‘raydi.

Unutmang! Bank xodimi hech qachon tasdiqlash uchun kodni so‘ramaydi. Bank sizga faqat karta hisobidan pul mablag‘lari yechib olinganda va hisob to‘ldirilgandagina SMS-xabarnoma yuboradi.

Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik hamda kartangiz hisobidagi pullaringiz xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi qoidalarga rioya qiling:

— hech kimga va hech qachon kartangiz ma’lumotlarini bermang;

— karta pin-kodini eslab qoling va hech kimga aytmang. Eng muhimi, bunday ma’lumotlarni kartaning orqa tomonida yoki ko‘rinadigan joylarda saqlamang. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish paytida karta pin-kodini o‘zingiz tering va uni ovoz chiqarib aytmang;

— kartangiz hisobidagi pul mablag‘larini doimiy nazorat qilib turing. Har doim karta hisobidagi pul mablag‘lari balansi hamda ularning mavjudligini tekshirib turing. Kartani jamoat joylari (avtomobil, ishxona)da qoldirmang;

— balansning o‘zgarishi hamda karta hisobidan amalga oshirilgan har bir operatsiya haqida xabar beruvchi (hatto pullik bo‘lsa ham) SMS-xabarnoma xizmatini ulang. Shundagina Siz har doim hisobingiz holatini kuzatib borishingiz va shubhali operatsiyalar sodir bo‘lganda o‘z vaqtida choralar ko‘rishingiz mumkin;

— ruxsatsiz pul mablag‘i yechilsa, kartani muzlatib qo‘ying. Agar hisobingizdan pul mablag‘i yechib olish xavfi vujudga kelsa, bankka qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan karta faoliyatini to‘xtatib qo‘yish kerak. 

Bundan tashqari, quyidagi maslahatlarga ham rioya qilsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi:

— “Telegram” va pul o‘tkazmalari amalga oshiriluvchi mobil ilovalarda ikki bosqichli autentifikatsiya (2FA)ni yoqing;

— faqat rasmiy veb-saytlardan foydalaning;

— yolg‘on elektron pochtalar va “Telegram” guruhlariga aldanmang;

— “Telegram” orqali yuborilgan shubhali fayl va havolalarni umuman ochmang — hatto tanishingizdan kelgan bo‘lsa ham. Sizga tanishingizning akkauntini buzib kirgan firibgar yozayotgan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ilovalardan ehtiyot bo‘ling, yuklab olmang;

— bonus yoki “to‘lov qilish uchun kartangizning raqamini yuboring” degan xabarlarga ishonmang.

AGAR FIRIBGARLIKKA UCHRASANGIZ, NIMA QILISH KЕRAK?

Darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qiling. Bank bilan bog‘lanib, mablag‘larni qaytarish choralarini ko‘ring. Firibgarlikni ijtimoiy tarmoqlarda oshkor qilib, chuv tushmasligi uchun boshqalarni ham ogohlantiring. Xullas, investitsiya qilishdan oldin har doim tahlil va tekshiruv o‘tkazing, yuqori foyda va’da qilgan shubhali takliflardan ehtiyot bo‘ling, faqat litsenziyali brokerlar va investitsiya vositalaridan foydalaning, shaxsiy ma’lumotlaringizni duch kelganga ma’lum qilavermang, aldanishdan saqlaning. Unutmang, tekin pishloq qopqonda bo‘ladi. Begona shaxs sizga to‘satdan mo‘maygina daromad keltirishni taklif qildimi, bilingki, u — firibgar!

 

Shayxontohur tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘linmasi boshlig‘i, katta leytenant Sohibjon TURDIYEV

Shayxontohur tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘linmasi katta inspektori, katta leytenant Shaxzod ISLAMOV

Barcha yangiliklar

Text to speech